Bugun Yakkasaroy tuman hokimligida ayollarning mehnati va faoliyatini e’tirof etish maqsadida an’anaviy “Yil ayoli” tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda tuman hokimi Nilufar Allabergenova, tuman hokimi o'rinbosari - Oila va xotin-qizlar tuman bo'limi boshlig'i Dilfuza Rasulmuhamedova, mahalla faollari, turli sohalarda faoliyat ko‘rsatayotgan yuksak bilim va tajribaga ega bo‘lgan xotin-qizlar ishtirok etdilar.
Tanlovning asosiy maqsadi mamlakatimizda ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turli sohalardagi ilg‘or yutuqlari va faoliyatini keng ommaga namoyish etish, shu bilan birga, ularni yangi avlod uchun ilhom manbai sifatida ko‘rsatishdan iboratdir. “Yil ayoli” tanlovi ayollarning nafaqat jamiyatdagi o‘rnini, balki ularning hayotiy va kasbiy muvaffaqiyatlari orqali yurtimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissalarini ham yorqin namoyon etadi.
Tanlovning Yakkasaroy tuman bosqichida ishtirokchilar turli mezonlar asosida baholandi. Har bir ishtirokchi o‘z sohasidagi yutuqlarini, mehnat faoliyatidagi qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tganini va o‘z mahorati bilan jamiyatga qanday foyda keltirayotganini ko‘rsatib berdi. Ular orasida ta’lim, tibbiyot, sanoat, madaniyat, sport, tadbirkorlik kabi sohalarda o‘z iziga ega bo‘lgan va jamoatchilik tomonidan hurmatga sazovor bo‘lgan ayollar bor edi.
Ishtirokchilar o‘z yutuqlari, kasbiy faoliyati, shuningdek, jamiyatga qo‘shgan hissalari haqida tafsilotli tarzda so‘zlab berishdi. Ularning har biri o‘z sohasida yangi g‘oya va loyihalarni amalga oshirishda faol bo‘lib, o‘ziga xos intilish va mehnati orqali boshqalarga namuna bo‘lib kelmoqda.
Tadbir yakunlarida tanlov g‘oliblari tuman hokimi tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Ushbu tanlov nafaqat xotin-qizlarning faoliyatini e’tirof etish, balki ularni yanada ilhomlantirish va yangi marralarni zabt etishga undaydigan muhim tadbir sifatida xotiralarda qoladi.