Yoshlarni sportga jalb etish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, vatanparvarlik va jamoaviylik tuyg‘usini kuchaytirish maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab bir qator yirik sport tadbirlari tashkil etilmoqda.
Shulardan biri - 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida futbol va mini-futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati Kubogi uchun o‘tkaziladigan musobaqadir.
Bugun mazkur musobaqa doirasida Yakkasaroy tumanida qur’a tashlash marosimi yuqori ruhda, uyushqoqlik va birdamlik muhitida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tuman hokimi Nilufar Allabergenova, tuman DXX bo‘limi boshlig‘i tuman IIO FMB boshlig‘i Alisher Murodov, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jamshid Ergashev, hokim o‘rinbosari, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi rahbarlari, Turizm va sport bo‘limi mutasaddilari, mahalla yoshlar yetakchilari hamda hududlardan faol yoshlar ishtirok etdilar.
Qur’a natijasiga ko‘ra, musobaqaning birinchi bosqichida har bir guruh mahallalari o‘zaro bellashadi, g‘olib chiqqan jamoalar esa final bosqichiga yo‘l oladi. Finalda esa to‘rtta kuchli jamoa sovrindorlik uchun kurash olib boradi.
Bu kabi musobaqalar yoshlarning salohiyatini namoyon etish, ularning sport orqali o‘zaro do‘stlik va hamjihatligini mustahkamlash, shu bilan birga, sog‘lom hayot tarziga intilishini rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Barcha ishtirokchi jamoalarga omad tilaymiz!