18 Aprel, 2025 31

Yakkasaroy tumanida navqiron avlod vakillari bilan ochiq va samimiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tuman hokimi Nilufar Allabergenova boshchiligida tashkil etilgan mazkur tadbirda hokim o‘rinbosarlari N.Shamsiyev, O.Rixsiboyev, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, mahallalardagi yoshlar yetakchilari va faol yoshlar ishtirok etdilar.

Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, muammolar va takliflar bilan bevosita hokimga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Muloqot erkin va ishonchli muhitda o‘tdi, yoshlar yuraklaridagi gaplarni ochiq bayon etdilar. Har bir fikr e’tibor bilan tinglandi, ayrim masalalar yuzasidan joyida hal etish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bugungi kunda yurtimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

Har bir yoshning taklifi, orzusi va tashabbusi qadrlanadi. Ana shunday uchrashuvlar esa rahbarlar bilan yoshlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlab, yoshlarning jamiyatdagi o‘rnini, faolligini oshirishda muhim omilga aylanmoqda.

Tadbir yakunida Nilufar Allabergenova “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi kubogi” musobaqasida Respublika miqyosida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan “Dilbuloq” mahallasi yoshlari bilan faxrlanishini bildirar ekan, ularga esdalik sovg‘alarini topshirdi. Bu kabi e’tirof va rag‘batlar yoshlarni yanada yuksak marralarga intilishiga turtki bo‘ladi.

Powered by GSpeech