17 Aprel, 2025 27

Bugun Yakkasaroy tumanidagi Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk texnikumida “Xalqaro Sirk san’ati kuni” munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir san’at, ayniqsa, sirk yo‘nalishidagi betakror ijod namunalarini keng targ‘ib qilish, yosh avlodni milliy va jahon san’atining betakror jihatlari bilan tanishtirish, shu bilan birga, fidokor ustoz va san’atkorlarga ehtirom ko‘rsatish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda Respublika ishchi guruhi a’zolari, Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, nuroniylar, madaniyat va san’at sohasining vakillari, ijodkor yoshlar hamda texnikum o‘quvchilari ishtirok etdilar.

Bayramona muhitda o‘tgan tadbir davomida sirk san’ati namoyandalari o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Jonli chiqishlar, akrobatika, mimika va musiqiy sahnalar barchaga katta zavq bag‘ishladi. Tomoshabinlar orasida yoshu qari, mehmonlar va texnikum talabalari sirk san’atining betakror jozibasidan bahramand bo‘ldilar.

Shuningdek, tadbir davomida Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova tomonidan texnikumda faoliyat yuritayotgan bir guruh o‘qituvchi va san’at ustalariga tuman hokimining faxriy yorliqlari tantanali tarzda topshirildi. Ushbu e’tirof ularga bo‘lgan yuksak hurmat va e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Tadbir yakunida mehmonlar texnikumning ijodiy faoliyati, o‘quvchilarning erishayotgan yutuqlari bilan tanishdilar. Mazkur tadbir nafaqat san’atga bo‘lgan mehrni yanada oshirdi, balki yoshlarni ijodkorlik va madaniyat sohasida faol bo‘lishga ilhomlantirdi.

Powered by GSpeech