11 Mart, 2025 28

Bugun Yakkasaroy tumanidagi “Pushkin” hiyoboni oldida Idoralararo ishchi guruhining saf yig‘ini bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Nilufar Allabergenova, Sport vazirligi masʼullari, mahalla yettiligi raislari, kommunal soha xodimlari hamda turli tashkilot vakillari ishtirok etdilar.

Mazkur yig‘ilishda tumandagi mahallalarni obodonlashtirish, sanitariya holatini yaxshilash va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini oshirish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Ayniqsa, hududlarni yanada ozoda va obod qilish, aholining ekologik ongini oshirish hamda yashil muhitni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shu bilan birga, bugundan boshlab Yakkasaroy tumanida Umumxalq hashari va “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar boshlandi. Mazkur tashabbuslar doirasida tumanning turli hududlarida keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Daraxt ekish, gulzorlar barpo etish, yo‘lak va xiyobonlarni tozalash, jamoat joylarini obod qilish kabi tadbirlar orqali shahar yanada chiroy ochishi, fuqarolar uchun qulay va sog‘lom muhit yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Tabiatni asrash, ekologik muvozanatni saqlash va yashil hududlarni kengaytirish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir. Shunday ekan, ushbu xayrli tashabbusga har bir yakkasaroylik o‘z hissasini qo‘shishi, atrof-muhitni obod va ozoda saqlashga o‘zining bevosita hissa qo‘shishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yakkasaroy tuman hokimligi Matbuot xizmati

Powered by GSpeech