11 Aprel, 2025 33

Bugun Yakkasaroy tumanida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-103-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Seminarda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, tuman prokurori Bekzod Shamsiyev, Toshkent shahar prokuraturasining bo‘lim prokurori N.Miraxmedova, hamda bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari A.Mamatqulov, Yakkasaroy, Yangihayot va Sergeli tumanlarining hokim o‘rinbosarlari, shuningdek, Toshkent shahar va uning tumanlarida faoliyat yuritayotgan 14 ta mas’ul tashkilotlari rahbarlari hamda mutaxassislari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokama etildi. Shu bilan birga, amaliy natijadorlikka erishish uchun davlat tashkilotlari, mahalliy hokimiyat organlari hamda jamoatchilik o‘rtasidagi hamkorlik mexanizmlarini yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

Seminar ishtirokchilari tomonidan qarorda belgilangan vazifalarning to‘liq va samarali ijrosini ta’minlash yuzasidan aniq rejalar ishlab chiqildi hamda hududlarda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarga yangi yondashuvlar kiritish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Powered by GSpeech