Yurtimizda bahor faslining go‘zal va qadimiy bayrami – Navro‘z umumxalq sayillari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali keng nishonlanmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri bugun Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti qoshidagi akademik litseyda bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, tuman soliq inspeksiyasi rahbari, Respublika ishchi guruhi a’zolari, hokim o‘rinbosari, litsey rahbariyati va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda Navro‘z bayramining yurtimiz tarixidagi o‘rni, milliy qadriyat va an’analarimizdagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi. Bayram munosabati bilan talaba yoshlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturlari, sahna ko‘rinishlari, milliy qo‘shiq va raqslar namoyishi yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Shuningdek, tadbir doirasida yoshlar bilan samimiy muloqot o‘tkazilib, ularning taklif va fikrlari tinglandi.
Navro‘zni nishonlash orqali yosh avlod ongida vatanparvarlik, xalqimizning boy madaniyati va bag‘rikeng an’analarini hurmat qilish kabi tuyg‘ularni mustahkamlash muhimligi alohida ta’kidlandi.
Bu kabi tadbirlar nafaqat Navro‘z bayramining targ‘ibiga, balki yoshlarni ma’nan tarbiyalash, ularda ijtimoiy faollikni shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.