Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-sonli “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Yakkasaroy tumanida muhim uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda ajrim xavfi ostida boʻlgan uchta oila taqdiri atroflicha muhokama qilindi. Uchrashuvda tuman hokimining oʻrinbosari D.Rasulmuxamedova, FHDYO boʻlimi boshligʻi L.Maxmudbekova, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektori mayor G.Ishonxoʻjayeva, tumanning bosh otinoyisi va Usmon bin Mazun masjidi imom noibi faol ishtirok etdi.
Muhokamalar natijasida bitta oiladagi nizolar murosa yoʻli bilan hal etilib, oila aʼzolari yana birlashtirildi. Qolgan ikki oilaga esa oʻzaro munosabatlarini qayta koʻrib chiqish va totuvlikka erishish uchun belgilangan muddat berildi.
Bunday tashabbuslar nafaqat alohida oilalar tinchligini tiklash, balki mahalla va jamiyatda sogʻlom ijtimoiy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi. Oilaviy totuvlik – barqarorlik, mehr-oqibat va farovon hayotning asosidir.