Bugun, Yakkasaroy tuman hokimi Nilufar Allabergenova tumanda joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan xoreografiya maktabida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
“Hokim va yoshlar” deb nomlangan ushbu tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari O.Rixsiboyev, maktab direktori, o‘quvchi murabbiylar hamda mutasaddi tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, taklif va muammolar haqida hokimga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Yoshlar o‘z g‘oyalari, startap loyihalari va ijodiy tashabbuslari haqida so‘z yuritib, ularni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi bo‘yicha takliflar berdilar.
Nilufar Allabergenova yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhim ekanini ta’kidlab, ular uchun keng imkoniyatlar yaratish borasida hokimiyat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, ayrim masalalar bo‘yicha mas’ul idoralarga tegishli ko‘rsatmalar berib, yoshlarning muammolarini hal etish yuzasidan aniq choralar ko‘rilishini bildirdi.
Uchrashuv yoshlar uchun nafaqat o‘z fikrlarini bildirish, balki kelajak rejalarini shakllantirishda yangi g‘oyalar olish imkoniyatini ham yaratib berdi. Tadbir yakunida yoshlar va hokimiyat vakillari o‘rtasida doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va yoshlar tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.