Bugun Bosh prokuror o‘rinbosari Samadov Salom Yakkasaroy tumanidagi 48-sonli maktabning yangi, zamonaviy qurilgan 660 o‘rinli binosini ko‘zdan kechirdi.
Bu ta’lim muassasasi 1976-yilda qurilgan bo‘lib, dastlab 820 nafar o‘quvchi uchun mo‘ljallangan edi. Hozirgi kunda esa ushbu maktabda 1169 nafar o‘quvchi bilim oladi.
Tuman hokimi Nilufar Allabergenova bosh prokuror o‘rinbosariga maktab faoliyati bilan tanishtirib o‘tdi.
O‘quvchilarning zamonaviy va sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan 2024-2026-yillarda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish dasturi doirasida, yangi 660 o‘rinli bino qurilishi uchun davlat budjetidan 9 milliard 10 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Bu tashabbus nafaqat maktabning sig‘imdorligini oshiradi, balki yosh avlodga barcha zamonaviy talablarga javob beradigan sharoitlarda ta’lim olish imkonini yaratadi.
Bugun tuman hokimi Nilufar Allabergnova mas’ullar qurilish ishlarining yakuniy bosqichini o‘rganish maqsadida maktab binosida bo‘ldi. Mazkur loyiha doirasida o‘quv jarayoni uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishiga, binolarning zamonaviy standartlarga mosligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu kabi bunyodkorlik loyihalari jamiyatimiz uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, kelajak avlodga bilim olishda yangicha imkoniyatlar eshigini ochadi.
Yangi bino faqatgina maktab o‘quvchilari uchun emas, balki butun hudud ahli uchun katta quvonch va g‘urur manbaiga aylanishi kutilmoqda.