Bugun Yakkasaroy tumanidagi 358-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bahorning eng fayzli va qutlug‘ bayramlaridan biri – Navro‘z munosabati bilan “Sumalak sayli” tashkil etildi.
Tadbir milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, yosh avlod ongiga an’analarimizni singdirish va ularni ma’naviy ruhda tarbiyalash maqsadida o‘tkazildi.
Bayram tantanasida bolajonlar tomonidan milliy o‘yinlar, kuy-qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari va badiiy chiqishlar namoyish etildi. Ularning jo‘shqin raqslari va samimiy she’rlari tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Ayniqsa, bolalar tomonidan ijro etilgan milliy ertak va afsonalar asosida sahnalashtirilgan chiqishlar barchaga katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda Yakkasaroy tumani hokimi o‘rinbosari D.Rasulmuxamedova, “mahalla yettiligi” vakillari, nuroniylar, mahalla deputati hamda ota-onalar ishtirok etdilar. Ular bolajonlarning ijodiy chiqishlarini katta qiziqish bilan tomosha qilib, o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.
Navro‘z – bag‘rikenglik, mehr-oqibat va ahillik bayrami. Ushbu sayil ham hudud aholisi va mehmonlarini bir joyga jamlab, ularning ko‘ngliga bayramona shukuh baxsh etdi. “Sumalak sayli”ning eng yorqin lahzalaridan biri – sumalak tayyorlash jarayoni bo‘ldi. Ishtirokchilar jamoaviy tarzda sumalak qaynatar, bir-birlariga ezgu tilaklar bildirishdi.