Toshkent shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Nyu-York shahri meri Erik Adams boshchiligidagi delegatsiya o‘z dasturidan o‘rin olgan qator uchrashuvlar doirasida Yakkasaroy tumaniga ham tashrif buyurdi.
Avvalroq poytaxt hokimi Shavkat Umurzakov va Nyu-York meri o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yirik megapolislarni boshqarish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, zamonaviy shaharsozlik tajribalarini almashish hamda Toshkent va Nyu-York o‘rtasidagi istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilingani ma’lum qilingan edi.
Delegatsiyaning navbatdagi manzili – Yakkasaroy tumanidagi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bo‘ldi.
Mehmonlarni Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova hamda Agentlik direktori Ibrohim Ergashev kutib oldi.
Tashrif davomida delegatsiya:
Agentlikning kundalik faoliyati,
Situatsion markaz ishlash jarayonlari,
“e-Fitou‘z” avtomatlashtirilgan axborot tizimi imkoniyatlari,xalqaro akkreditatsiyaga ega Markaziy fitosanitariya laboratoriyasi,
mobil laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, mehmonlarga chegaralarda fitosanitar xavfsizlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutuvchi kinologlar va “detektor-xizmat” itlarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Ushbu jarayon ularda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur tashrif ikki shahar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilmiy-texnik tajriba almashinuvini kengaytirish hamda global xavfsizlik standartlarini qo‘llash borasida yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Yakkasaroy tuman hokimligi Matbuot xizmati