Bugun Yakkasaroy tuman hokimi Nilufar Allabergenova tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetida aholi uchun navbatdagi ommaviy sayyor qabul tashkil etildi.
Ushbu tadbirning asosiy maqsadi – fuqarolarning dardini eshitish, muammolarini joyida hal etish va har bir murojaatga tezkor yechim topishdan iborat.
Sayyor qabulda tuman prokurori Bekzod Shamshiyev, soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jamshid Ergashev, hokim o‘rinbosarlari, “Toshkent” telekanali muxbirlari, korxona va tashkilot rahbarlari hamda kommunal soha mutasaddilari ishtirok etdi.
Qabul davomida 25 nafar fuqaro bandlik, ijtimoiy himoya, kommunal xizmatlar, soliq va mulk huquqi, yer ajratish hamda tadbirkorlikka oid murojaatlari bilan qatnashdi.
Har bir murojaat alohida ko‘rib chiqildi. Mas’ullar tomonidan joyida javoblar berildi, zudlikni talab qiluvchi masalalar bo‘yicha aniq topshiriqlar belgilandi va ijro muddati ko‘rsatib o‘tildi. Ayrim murojaatlar bo‘yicha esa joyiga chiqib o‘rganish, huquqiy yordam ko‘rsatish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish belgilab qo‘yildi.
Tuman hokimi Nilufar Allabergenova ta’kidlaganidek: “Sayyor qabulning bosh maqsadi – fuqarolar rozi bo‘lib ketishi. Har bir murojaat – biz uchun mas’uliyat. Muammoni eshitish emas, uni hal qilish eng muhim vazifamiz”.
Bunday ochiq muloqotlar aholini qiynayotgan muammolarni tizimli ravishda hal etish, davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish, eng asosiysi – odamlarning ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Yakkasaroy tuman hokimligi kelgusida ham sayyor qabullarni muntazam davom ettiradi va har bir fuqaro murojaatini e’tiborsiz qoldirmaslikni o‘z oldiga qat’iy maqsad qilib qo‘ygan.
Yakkasaroy tuman hokimligi Matbuot xizmati