Sizlarni umringizning kamolot pillapoyasi, hayotingizdagi eng quvonchli va hayajonli damlar – maktabni tugallab, yetuklik onlariga yetib kelganingiz bilan tuman hokimligi va shaxsan o‘z nomimdan qizg‘in va samimiy muborakbod etaman.
Joriy o‘quv yilida tumanimizda umumtaʼlim maktablarining 11-sinflarini 1183 nafar o‘quvchi-yoshlarimiz tamomlamoqdalar. Bularning ichida 32 nafari oltin, 12 nafari kumush, nodavlat taʼlim muassalarini 114 nafar o‘quvchi 11-sinfni tamomlayotgan bo‘lsa, shundan 5 ta oltin, 1 ta kumush medal bilan tamomlamoqda, milliy va xalqaro baholash tizimi sertifikatga ega 112 ta o‘quvchi bor, 75. nafar o‘quvchi muddatidan oldin oliy taʼlim muassasasi talabasi bo‘lishdi.
Albatta, bu muvaffaqiyat yetuklik sari boshlangan katta yo‘l oldidagi ilk muvaffaqiyat, ilk marradir!
Shiddat bilan rivojlanayotgan O‘zbekistonimizda har bir yosh ham islohotchi, ham tashabbuskor bo‘lmog‘i lozim.
O‘tgan o‘quv yili tajribalaridan kelib chiqib, bu yil bitiruvchilarni oliygohlarga o‘qishga kirish samaradorligini yaxshilash maqsadida taʼlim muassasalarini tugallayotgan farzandlarimizni oliy taʼlimga tayyorlashga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy o‘quv yilida barcha umumtaʼlim maktablariga Samarali avtomatlashtirilgan taʼlim tizimi o‘rnatildi. Bu esa oliy taʼlimga kirish istagi bo‘lgan yoshlarimizni bevosita o‘zi o‘qigan muassasada tayyorgarlikdan o‘tishiga imkon yaratdi. Sinov testlarini olish sifati yaxshilandi.
Aziz o‘quvchilar!
Sizga dilimdagi eng ezgu tilaklarimni izhor etmoqchiman. Men ishonaman, navqiron deb tilga olinadigan Yakkasaroy diyorimiz, jonimizga jondek payvand – dunyoda yagona O‘zbekistonimiz kelajagi Sizga bog‘liq ekanligini aslo unutmang!
O‘qishdan, izlanishdan, olg‘a harakat qilishdan to‘xtamang.
Shunda Al-Xorazmiy, Al-Beruniy, Az-Zamaxshariy, Jaloladdin Manguberdi kabi jahon tan olgan yuzlab buyuk vatandoshlarimizga munosib izdosh bo‘lasiz!
Yorqin va beg‘ubor niyatlar ostonasida barchangizni oldinda kutib turgan kamolot ufqlari bilan yana bir bor qutlab, hayot sari oq yo‘l, uzoq umr tilayman.